Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Ro’yxatdan o’tish

Davlat organlari o’z faoliyati doirasida fuqarolar, tijorat tuzilmalari va boshqa davlat organlari bilan aloqaga kirishishini hisobga olgan holda, Elektron hukumat tizimida uchta tashkil etuvchilarni ajratish mumkin:

Government to Citizens - Bu davlat tashkilotlari hamda fuqarolar o’rtasidagi aloqa bo’lib, unda davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalaniladi. Bunday xizmatlar doirasiga ma’lumotnomalarni olish, guvohnoma va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, shaxs hayotiga oid yuridik jihatdan muhim hodisalarni ro’yxatdan o’tkazish kiradi. Bu tarkibiy qismda fuqarolarga internet orqali, asosan, hukumat ma’lumotlar bazasi bilan ishlovchi yagona hukumat portalini tashkil etish yo’li bilan barcha turdagi davlat xizmatlarini ko’rsatish nazarda tutiladi. Bunday portal orqali fuqarolar qulay va tushunarli shaklda hukumat faoliyati haqida ma’lumot olishlari, shuningdek, o’z fikr hamda mulohazalarini bildirishlari, fuqarolik va jamoatchilik burchlarini bajarishlari mumkin.

Government to Business - G2B (Davlat – Biznesga): Davlat organlari va biznes o’rtasidagi o’zaro munosabat bo’lib, kelishuv jarayonining borishini tezlashishiga, qog’oz hujjatlardan foydalanishga ehtiyojni yo’qotishga va bu orqali zaruriy ma’lumotlarni yig’ish va qayta ishlash jarayonini tezlashishiga imkon beradi. Oxir oqibat, davlat organlari tijoriy tashkilot shaklidagi hamkorlari bilan xizmat ko’rsatishning yaxlit tizimini yaratish uchun o’zlarining usul va vositalarini taqdim etishlari mumkin bo’ladi. Texnologiyalardan, davlat xaridlarining ochiq va shaffof tizimidan optimal foydalanish hisobiga davlat organlarining xarajatlari qisqaradi.

Government to Government - G2G (Davlat – Davlatga): Davlat organlari o’rtasidagi o’zaro munosabat bo’lib, zamonaviy texnologiyalar yordamida davlat organlari o’rtasida ichki va tashqi aloqalarni takomillashtirish va ularning hamkorlikdagi faoliyatini amalga oshirishga imkon yaratadi va bu bilan ularning faoliyatini qayta qurishga ko’maklashadi, shuningdek, xizmat ko’rsatishning tarqoq bo’lmagan yaxlit shaklini ta’minlab beradi. Bu o’z navbatida ishlab chiqarishda kechikishlardan qochish va ishchi kuchiga motivatsiyani oshirish orqali xarajatlarni kamaytirish va ish samarasini oshirishga, shuningdek, sinalgan va keng qo’llanilayotgan usul hamda vositalardan foydalanish orqali ichki biznes-jarayonlarning qayta qurilishiga olib keladi. Bu elektron hukumatning faoliyatining asosi hisoblanib, barcha davlat organlarini birlashtirib turuvchi ichki hukumat tarmog’idan tarkib topgan va uning doirasida fuqarolar hamda mamlakat hududida faoliyat olib boruvchi tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar bazasini o’z ichiga olgan barcha hukumat ma’lumotlarini jamlagan hukumat ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Elektron hukumatning har uch tashkil etuvchilarini yaratish va amalga tadbiq etish chambarchas bog’liqdir. G2C yoki G2Bni yo’lga qo’ymasdan G2G tizimini amalga m oshirish birtomonlama samara beradi, vaqt va vositalarni samarasiz sarflashga olib keladi, ma’lumotlar xaosini keltirib chiqaradi va Elektron hukumat g’oyasini kuchsizlantiradi. Shuning uchun ham Elektron hukumatning barcha tarkibiy qismlarini rivojlantirish va amalga tadbiq etish dasturini ishlab chiqish va tadrijiy bosqichma-bosqich amalga oshirish juda muhim hisoblanadi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech