Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
25 oktyabr 2017 y.    10:20

Biz yashayotgan axborot asri har bir sohada zamon bilan hamnafas qadam tashlashni taqozo etmoqda. Uning muhim shartlaridan biri axborotlashtirishdir.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 8 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasini oshirish masalasiga e’tibor qaratilgan.

 

O‘zA muxbiri shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va rejalar haqida “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Murod Rasulov bilan suhbatlashdi.

 

– Murod Mahmudjonovich, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasi talabga javob bermayotgani qayd etilgan.

 

– Darhaqiqat, davlatimiz rahbari haqli ravishda ta’kidlaganidek, zamonaviy innovatsion uslublarni joriy etish darajasi pastligi qabul qilinayotgan qarorlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash va uning jarayonini tezkor kuzatib borish imkonini bermayapti. Shuningdek, davlat boshqaruvida ortiqcha byurokratlashtirish va yuqori sarf-xarajatlarga sabab bo‘lmoqda. Konsepsiya ana shu kamchiliklarni bartaraf etish, davlat boshqaruvi tizimining barcha tarmoqlarini sifat jihatdan yangilashga qaratilgan.

 

Bu esa oldimizga shu yo‘nalishda yangi, samarali innovatsion ishlanmalarni hayotga tatbiq etish vazifasini qo‘yadi. Bu borada yurtimizda Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yilda o‘tkazilgan yarmarkadan keyin “Ijro intizomi» dasturi amaliyotga tatbiq etildi. Monitoring va operativ nazoratni o‘z ichiga olgan bu ishlanma idoralararo elektron hamjihatlik tizimiga aylanmoqda.

 

Hozir ishga tushgan «Ijro.gov.uz» tizimi esa idoralararo ijro intizomi nazoratini ta’minlayotir. Ayni paytda tizimni yanada rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda. Chunki bu tizim juda samarali bo‘lib, davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi darajasini oshiradi. Shu yo‘nalishda yetarli darajada ochiqlikni ta’minlaydi. Topshiriqlarning ijrochilarga yetib borishi va bajarilgan ishni rahbariyatga taqdim etish muddatlari ancha qisqaradi. Reglamentda belgilangan muddatlarga rioya qilishda davlat organlari mas’uliyati oshadi. Bir vaqtning o‘zida xabar almashinuvini ta’minlaydigan maxsus modul vositasida foydalanuvchilar o‘rtasida tezkor xizmat yozishmalari amalga oshirilishi ish samaradorligini oshiradi.

 

– Farmonda “Elektron hukumat” tizimini yanada keng joriy etish vazifasi qo‘yilgan. Bu qanday amalga oshiriladi?

 

– 2016 yilda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunning kuchga kirgani tizim rivojida muhim huquqiy asos bo‘ldi. Lekin sohada yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas.

 

Xususan, vazirlik va idoralarning barchasi ham AKTni joriy etishga yetarli e’tibor qaratmayapti. Yoxud bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Tashkilotlarda AKTga mas’ul bo‘lgan xodimlar yetishmaydi, ayrim hollarda ularning malaka ko‘nikmalari yetarli emas. Hanuzgacha ba’zi tashkilotlarda ichki jarayonlarni avtomatlashtiruvchi hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiluvchi tizim yaratilmagan yoki mavjudlaridan samarali foydalanilmayotir.

 

“Elektron hukumat” tizimining to‘liq va samarali ishlashi uchun uni rivojlantirish va takomillashtirishning strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish zarur. Axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazalarini ishlab chiqish va integratsiyalashda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash hamda davlat organlarining funksional va operatsion jarayonlari faoliyatini tizimli qayta tashkillashtirish maqsadga muvofiq.

 

Davlat organlari faoliyatidagi AKT samaradorligini baholash tizimini joriy etish bugungi kundagi dolzarb vazifalardandir. Bu yuqoridagi kabi kamchiliklarni bartaraf etish, AKTni joriy etish ko‘lamini kengaytirishga yo‘l ochadi.

 

– Aholi va tadbirkorlik sub’ektlari qaysi elektron xizmatlardan ko‘proq foydalanmoqda?

 

– Elektron davlat xizmatlaridan foydalanishda murojaatchilar imkoniyatlarini kengaytirish va qulay sharoit yaratish maqsadida Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali /my.gov.uz/ ishga tushirilgan. Yagona portal doirasida 300 dan ortiq elektron davlat xizmati ishlab chiqilgan va joriy qilingan bo‘lib, bu tizim davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlaridan foydalanishning yagona nuqtasiga aylandi. Portal ishga tushgan kundan boshlab 1,5 millionga yaqin murojaat kelib tushdi.

 

Mavjud platformani takomillashtirish maqsadida hozirgi kunda portalning yangi talqini test rejimida ishga tushirildi. Uning o‘ziga xos tomoni shundaki, mavjud ma’lumotlar bazasi, “Elektron hukumat” axborot tizimlari, Yagona identifikatsiya tizimi (One-ID) integratsiya qilingan.

 

Bunda xizmatlarni proaktiv tarzda ko‘rsatish tamoyiliga tayaniladi. Bu foydalanuvchiga zarur interaktiv xizmatni o‘z vaqtida taklif etish imkonini beradi.

 

Shu bilan birga, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik va yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni ko‘rish va to‘lash, soliq qarzlari, to‘langan sug‘urta badallari va shaxsiy pensiya jag‘armasi holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish kabi yangi tranzaksion xizmatlar ham joriy qilingan. Bular aholiga yaratilgan katta qulaylik bo‘lib, vaqt, mablag‘larni tejash, muhimi zamonaviy hayot kechirish imkonini bermoqda.

 

Yagona portal orqali normativ-huquqiy hujjatlarni baholash tizimi – regulation.gov.uz ishga tushirilgan. Unda 1,5 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yilgan. Bu shaffof usul aholida katta qiziqish uyg‘otib, qonun loyihalari yuzasidan fikr-mulohaza bildirish jarayoni bugungi kunda ancha faollashdi.

 

Davlat va xo‘jalik organlariga murojaat yuborish xizmati ommabop bo‘lib, u orqali 250 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

 

Bojxona, soliq sohalari bilan bog‘liq xizmatlar aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘proq qiziqtirayotir. Bu, avvalo, xizmatlarning qulayligi bilan, qolaversa, aholida tadbirkorlikka qiziqish yildan-yilga o‘sib borayotgani bilan bog‘liq.

 

Ichki ishlar vazirligining “Sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni olish uchun elektron ariza yuborish” xizmati ham ko‘pchilikni qiziqtiradi.

 

“Litsenziya” axborot tizimiga 150 mingdan ziyod litsenziya va ruxsatnoma kiritilgan. Tizim orqali litsenziyalarni berish va ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari elektron ko‘rinishda ta’minlanadi.

 

Yagona portalning yangi talqinida tadbirkorlik, bojxona, ijtimoiy ta’minlash, litsenziyalash, ko‘chmas mulk, soliq, adliya va boshqa talab yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha avtomatlashtirilgan xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

 

Bularning barchasi mamlakatimiz taraqqiyotining zamonaviy bosqichida keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech