Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
12 iyun 2015 y.    10:13

 Hududlarda axborot tizimini rivojlantirishda, axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini yaratishda Kompyuterlashtirish markazlarining ahamiyati kattadir. Chunki, aynan, ular mahalliy aholiga boshqaruv organlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni taqdim etishadi. Yaqin kunlarda poytaxtimizda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi “Hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi. Unda Qoraqolpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyati huzuridagi “Kompyuterlashtirish markazi” davlat unitar korxonalarining rahbarlari ishtirok etishdi.

 O‘quv seminari jarayonida O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portalining faoliyati, davlat mahalliy organlarining axborot resurslari va axborot tizimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi bo‘yicha ma’ruzalar qilindi, taqdimot namoyish qilindi.

  O‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminar yuzasidan “Hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish” mavzusida o‘quv seminarining maqsadi va vazifalari xususida “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi “Hududlarda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish departamentining “Kompyuterlashtirish markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi” boshlig‘i Sherzod Bobonorovich Nortojiyevga murojaat qildik.

- Sherzod Bobonorovich, “Hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish” mavzusida seminar o‘tkazildi Ushbu seminarni o‘tkazishdan asosiy maqsad va vazifalar nimalardan iborat edi?

- Xabaringiz borki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012- yil 1- fevraldagi “Joylarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 24-son qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida “Kompyuterlashtirish markazi” davlat unitar korxonalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu markazlarning asosiy vazifalari etib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasiga muvofiq joylarda kompyuterlashtirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, davlat axborot resurslari va axborot tizimlarini yaratish va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb saytlarini yangilab borish va unda interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatilishini ta’minlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining holatini va ularni rivojlantirish istiqbollarini doimiy ravishda tahlil qilish va uning natijalari asosida sohani takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Ushbu o‘quv-amaliy seminarini tashkil etilishidan maqsad – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Kompyuterlashtirish markazi” davlat unitar korxonalari rahbar xodimlari uchun hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, xususan, joylarda “elektron hukumat” xizmatlari va axborot tizimlarining muhim elementlarini yaratish, bu borada boshqa rivojlangan xorijiy mamlakatlarning tajribalarini o‘rgatish, interaktiv davlat xizmatlari tatbiq etilishi darajasi va samaradorligini yaxshilash bo‘yicha bilim darajalarini oshirishga qaratilgan edi.

  - Seminar ish rejasi nimaga muvofiq tuzildi va uning kun tartibi qanday amalga oshirildi? Amaliy stajirovka davrida tinglovchilarga ko‘proq qanday ma’lumotlar berishga harakat qilindi?

- Seminar kun tartibini ishlab chiqishda, eng avvalo bugungi kunda Davlatimiz rahbari hamda Hukumatimiz tomonidan sohada qabul qilingan yangi qonunchiik aktlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash, “elektron hukumat” tizimi doirasidagi axborot tizimlarini ishlab chiqish, boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini interaktiv tarzda ko‘rsatish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda tayyorlangan. Bundan tashqari, o‘quv seminari kun tartibiga kiritilgan hamda taqdimotlar orqali yoritilgan mavzular bo‘yicha kunning ikkinchi yarmida ishirokchilar “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish va “O‘zinfokom” markazlarida amaliyotga jalb etildi. Amaliyot davomida hududlarda yaratilgan axborot tizimlari va axborot resurslarini davlat ro‘yxatidan, ekpertizadan o‘tkazish tartiblari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida AKT ni joriy etish samaradorligini baholash hamda reyting natijalarini aniqlash qoidalari, baholash mezonlari bilan yaqindan tanishdilar.

- O‘quv seminarida “elektron hukumat”ni joriy etishda Koreya Respublikasining tajribasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Seminar ishtirokchilarining bu boradagi fikrlari qanday?

- Barchamizga ma’lumki, Koreya Respublikasi «elektron hukumat»ni joriy etish sohasida BMT tomonidan har ikki yilda tuziladigan jahon reytingida yetakchilardan biridir. Qirq yil muqaddam ushbu mamlakat tegishli loyihalar bilan bir qatorda ma’muriy islohotlarni amalga oshirgan va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilgan. Bu "elektron hukumat" tizimining samarali ishlashi kafolatiga aylangan. O‘quv seminarida “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazining Koreyalik ekspert maslahatchisi janob Kim Sang Tay tomonidan “Davlat boshqaruviga AKTni joriy qilishning milliy modeli. Elektron hukumatni joriy etishda Janubiy Koreya tajribasi” mavzusida qilingan taqdimot ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, qizg‘in muhokama qilindi. Shuningdek, seminar davomida O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2020- yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturiga kiritilgan, “elektron hukumat” tizimi doirasida amalga oshirilayotgan kompleks axborot tizimlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

- Hududlarda “Elektron hukumat” tizimini joriy etish, kompyuterlashtirish markazlari faoliyatini muvofiqlashtirishning kelgusi ishlariga ushbu seminarning qanday ijobiy ahamiyati bor deb o‘ylaysiz?

- Bugungi kunda mamlakatimizda AKT sohasida uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rejalar ko‘p. “Elektron hukumat” tizimiga to‘liq o‘tish ham shular jumlasidandir. So‘nggi yillarda AKT shiddat bilan rivojlanib borayotgani hech kimga sir emas. Aynan shuni o‘zi sohada doimiy ravishda kadrlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash, o‘qitishni taqozo qiladi. Kompyuterlashtirish markazlari hududlarda AKT ni joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha asosiy ijrochi tashkilot bo‘lib, bugungi kun talabi bilan ushbu markazlar zimmasida hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator muhim vazifalar turibdi. Bugungi globallashuv davrida har bir soha, har bir inson harakatda bo‘lishi, zamon bilan hamnafas qadam bosishi talab etiladi. Shu boisdan, ushbu tashkil etilgan o‘quv seminari va unda yoritilgan mavzular, amaliyot jarayonidan olingan bilim va tajribalar joylarda sohani rivojlantirishda o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatishiga ishonaman.

- Kelajakda ushbu yo‘nalishda seminarlarni qay tarzda o‘tkazishni rejalashtirgansizlar?

- Bu kabi o‘quv seminarlari bir chorakda bir marotaba eng dorzarb mavzularda, soha tashkilotlarida amaliyot utashlari inobatga olgan holda tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, barcha hududiy Kompyuterlashtirish markazlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ular tomonidan yaratilgan axborot tizimlari va axborot resurslari, qo‘lga kiritilgan ijobiy yutuq va natijalar, hududlarda AKTni joriy etish va rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni sohaning tegishli soha korxonalaridan mutaxassislarni jalb etgan holda respublika seminarlarini aynan hududlarda tashkil etish bo‘yicha reja-jadval ishlab chiqilgan bo‘lib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan. Ushbu reja-jadvalga asosan “Hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishda Kompyuterlashtirish markazlarining o‘rni va ularga yaratilgan shart-sharoitlar” mavzusidagi navbatdagi Respublika o‘quv-amaliy seminari joriy yilning 26-27- iyun kunlari Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

- Mazmunli suhbat uchun tashakkur. Mamlakatimizdagi kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi AKTdan foydalanishni joriy etishni rivojlantirishdagi ishlaringiz samaradorligini tilab qolamiz.

Nigora UMAROVA suhbatlashdi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech