Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
27 oktyabr 2015 y.    17:10

O‘zbekistonda biznesga taalluqli moliyaviy yukni izchil kamaytirish maqsadida davlat tomonidan olib borilayotgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan davrda me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ijrosi etilishi bilan bog’liq bo’lgan bir qator tartibotlar va rasmiyatchilklar sabab tadbirkorlar uchun ma’muriy yuk hanuzgacha saqlanib turibdi. Bunday vaziyat yuzaga kelishiga sabab bo’layotgan omillardan biri, bu qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning oqimining kamaymayotganidir.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy qonunchilik bazasining (Lex.uz) statistik ko‘rsatgichlariga ko‘ra, har yili mamlakatimizda o‘rtacha 700 dan 1200 ga yaqin  me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinadi, ularning 30 % - 40 % tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi. 2005-yildan 2014-yilgacha har yili qabul qilinadigan me’yoriy-huquqiy hujjatlar soni ikki barobarga o‘sgan bo’lsa, vazirlik va idoralarning me’yoriy-huquqiy hujjatlari soni ham ikki marotabaga, hukumat qarorlari soni esa 1,4 barobarga oshgan.

1.jpg

O‘zbekistonda har yili qabul qilinadigan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning o‘sish ko‘rsatkichi (2005-2014- yillar).

Manba: Lex.uz ma’lumotlar bazasi asosida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Tarraqiyot Dasturining (BMTTD)“Qonun va norma ijodkorligi, qonunchilik hujjatlarining ta’sirini baholash tizimini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish”  loyihasi ekspertlari tomonidan hisoblangan.

Bu esa o‘z navbatida, biznes uchun me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablarini bajarish bilan bog’liq bo’lgan qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqaradi (ingliz tilida compliance cost – “qonunchilik hujjati talablarini amalga oshirish uchun yuzaga keladigan qo‘shimcha xarajatlar”), ularni ijro etish jarayonini murakkablashtirib byurokratik to‘siqlarni paydo qilishi mumkin.

Bir qator huquqiy maslahatchi va iqtisodchilarga ega bo’lgan yirik kompaniyalar uchun yuqoridagi talablarni bajarish uncha ham mushkullik tug’dirmasa, kichik biznes uchun bu kabi qo‘shimcha me’yoriy talablar og’ir yukga aylanadi.

Amaliyotda, me’yoriy- huquqiy hujjatlardagi talablarning o‘sib borishi, ortiqcha sarf-xarajatlar va ma’muriy yukning ko‘payishi natijasida o‘rta biznes va kichik tadbirkorlik sub’ektlarining yopilishi yoki “soya” ortiga berkinib me’yoriy talablarni e’tiborsiz qoldirishlariga sabab bo‘ladi.

BMTTD hamda Savdo sanoat palatasining hamkorlikdagi “O‘zbekiston Biznes Forumi (3-bosqich)” loyihasi tomonidan o’tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bugungi kunda qonunchilik me’yorlarini qo‘llash amaliyoti qonun hamda qonun osti hujjatlarida belgilangan tartibotlardan ancha farq qilib, biznes sub’ektlarining ortiqcha vaqt va moliyaviy xarajatlarini keltirib chiqarmoqda.

E’tiborli tomoni shundaki, bugungi kunda ko‘plab davlatlarda mazkur muammo muhim masalaga aylangan. 2014-yili Ernst & Young kompaniyasining Britaniya tadbirkorlari orasida o‘tkazgan so‘rovlari natijasiga ko‘ra, tadbirkorlarning 27 foizi bugungi kundagi ishbilarmonlik muhitini “O‘ta tartibga solinganligini”  va bu esa biznesni o’sishiga to‘sqinlik qilayotganligini qayd etgan, so‘rovnoma ishtirokchilarining 17 foizi esa, tadbirkorlik muhitini yaxshilash bilan birga, uni tartibga soluvchi me’yoriy talablarni tubdan o‘zgartirish kerak deb ta’kidlagan.

Xuddi shunday so‘rovlarni KPMG kompaniyasi joriy yilning sentyabr oyida Rossiya Federatsiyasi tadbirkorlari o‘rtasida o‘tkazdi. Natijada, murakkab me’yoriy muhit kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchrayotgan eng katta “bosh og’rigi” ekanligini qayd etilgan, 30 % tadbirkorlarning ta’kidlashicha,  o‘sish, va biznes rivojiga sarflanishi kerak bo’lgan vaqt va xarajatlar asosan qabul qilinayotgan me’yorlardagi yangi talablarni bajarishga sarflanmoqda.

Tadbirkorlik sub’yektlari duch kelayotgan va ko‘p miqdorda qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablarini bajarish bilan bog’liq yuzaga kelayotgan  ma’muriy yukni qanday yengillashtirish mumkin?

Mazkur muammoni hal etish maqsadida, xorij davlatlari yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlar sifatini oshiruvchi va ma’muriy tartibotlarni yengillashtiruvchi yangi usullarni keng qo‘llamoqdalar.

Bir qator davlatlar tomonidan yangi tashabbus sifatida “Birga bir” (ingliz tilida “One in – One out) printsipini qonunchilikda qo‘llanilib kelmoqda. Mazkur printsip qonunchilik hujjatlarining ta’sirini baholovchi tizimning bir elementi bo‘lib,  unga ko‘ra me’yoriy-huquqiy hujjat tashabbuskorlari ayrim sohada yangi me’yoriy- hujjat qabul qilish tashabbusini bildirsa, ushbu sohadagi amaldagi qonun hujjatining tegishli talablarni qisqartirishlari yoki uni to’liq bekor qilishga majbur bo’ladi.

Yangi “Birga bir” usulini  qo’llash quyidagi tartibda amalga oshiriladi: yangi  me’yoriy-huquqiy hujjatni taklif qiluvchi vazirlik va idoralar mazkur hujjat ta’sirini bayon etuvchi xulosa (yani “IN” parametrini) tayyorlaydilar. Bir paytni o‘zida ma’lum bir me’yoriy hujjatning o‘zgarishi yoki uning bekor qilinishi oqibatidagi qisqaruvchi sarf-xarajatlar ko‘lami baholanadi va ko‘rsatgich natijasi “OUT” parametri shakllantiriladi.  Ma’lum bir qaror qabul qilinishida “IN” va “OUT” parametrlari o‘zaro solishtiriladi.

Kanadada mazkur printsip 2012-yildan buyon byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan chora- tadbirlar rejasining (ingliz tilida “Red Tape Reduction Action Plan)   bir qismi sifatida qo‘llanilmoqda.  Germaniya o‘z qonunchiligida mazkur printsipni qo‘llashini 2015-yilning iyul oyida e’lon qildi. Rossiya Federatsiyasida mazkur usul joriy yilning 1-oktyabridan boshlab, biznesga ta’sir o‘tkazadigan muhim ya’ni “o‘yin shartlarini o‘zgartiradigan” yangi me’yoriy hujjatlargagina qarata qo‘llaniladi.

Ayrim davlatlar bu borada yanada oldinga qadam tashlashdi. Misol uchun, Avstraliyada mazkur 2011-yildan buyon barcha muhim me’yoriy-huquqiy hujjatlarga nisbatan “Birga ikki” usuli qo‘llanilmoqda. Buyuk Britaniyada ham “Birga bir” usuli muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgach, 2012-yildan buyon “Birga ikki” usuli qo‘llanilmoqda.

Buyuk Britaniyada 2010-yildan mazkur usulning qonunchilikda qo‘llanilishi oqibatida vazirliklar tomonidan ilgari surilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar soni 70%ga qisqargan, natijada bekor qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlardan tadbirkorlarning iqtisod qilingan ortiqcha sarf-xarajatlari miqdori ja’mi 3 mlrd funtni tashkil etdi.

Germaniyada esa, mazkur usulni qo‘llanilishi biznesga tegishli “byurokratik sarf-xarajatlar”ni 740 mln. yevroga qisqarishiga olib kelishi kutilmoqda. Avstraliyada mazkur usul qo‘llanilgan yilning o‘zida 152 ta me’yoriy-huquqiy hujjatlar bekor qilinib o’rniga bor yo’g’í 14 ta asosiy me’yoriy- huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Qonunchilik hujjatlarining samarasini oshiruvchi yana bir muhim usullardan biri bu “quyosh botishi” (ingliz tilida “sunsetting regulation”) usuli hisoblanadi, uni qo‘llash orqali, yangi qabul qilingan me’yoriy- huquqiy hujjatlarning ma’lum bir muddat oralig’ida amal qilinishi beligilanadi. Ya’ni ma’lum bir vaqt o‘tib, mazkur me’yoriy-hujjat qayta ko‘rib chiqiladi yoki avtomatik tarzda o‘z kuchini yo‘qotada.

Mazkur yo‘l tutilgach quyidagilarga erishiladi: Birinchidan, amaldagi qonunchilik sifati oshadi, ikkinchidan mazkur me’yoriy-hujjatning nechog’lik kerakligi aniqlanadi.

Yuqorida nomlari keltirilgan usullardan tashqari, bugungi kunda turli mamlakatlarda “korpusni o’lik normalardan tozalash” ya’ni “tartibga soluvchi gil’otina”, kichik va o‘rta biznes uchun holatni yomonlashtiruvchi me’yorlar qabul qilishga moratoriy joriy qilish, qonun hujjatlarinig kuchga kirishining  umumiy muddatlari (masalan bir yilda ikki marotaba) kabi  mexanizmlardan foydalanilmoqda.

Me’yoriy tartibga soluvchi muhitni soddalashtirish va ma’muriy yukni pasaytirish makroiqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Gollandiyaning iqtisodiy siyosat tahlili Byurosining hisob-kitoblariga ko‘ra, ma’muriy xarajatlarning 25 % ga pasayishi bir necha yil davomida yalpi ichki maxsulotning 1,5 dan 2 %ga o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Albatta, mazkur usullarni O‘zbekiston norma ijodkorligi jarayoniga amalga kiritilishi sinchkovlik bilan o‘rganilishi lozim. Shunga ko'ra, "Regulation.gov.uz" - O'zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarini muhokama qilish portalida tadbirkorlik faoliyatiga oid ma’muriy yuk va xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan norma ijodkorligini yanada takomillashtirish bo’yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish maqsadga muvofiqdir.

BMTTDning “Qonun va norma ijodkorligi,  qonunchilik hujjatlarining ta’sirini baholash tizimini
 modernizatsiya qilishga ko‘maklashish” loyihasi rahbari
Farrux Karabaev

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech