Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Ro’yxatdan o’tish

Press-reliz

Yagona portal orqali elektron xizmatlarni ko‘rsatishning yangi tartibi xususida 

2016 yilning 16 avgust kuni Aloqa tarixi muzeyida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 3 iyundagi “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari haqida”gi 188-son qarori bilan qabul qilingan Yagona portal orqali elektron xizmatlarni ko‘rsatishning yangi tartib-taomillariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. 

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, joriy yilning iyun oyidan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonuni “elektron hukumat” sohasidagi munosabatlarni tartibga solib, davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan axborot almashishni ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratishga xizmat qiladi. 

Mazkur Qonunning amalga tatbiq etilishi fuqarolarning davlat idoralaridagi ortiqcha ma’muriy tartib-taomillardan himoya qilib, davlat xizmatlaridan oson va tez foydalanishlari, jarayonni soddalashtirish, taqdim etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish, idoralararo elektron hamkorlik qilishni maqbullashtirish uchun zamin yaratmoqda. 

Aynan mana shu O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonunini hayotga tatbiq etish, fuqarolar va tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yilning 3 iyundagi “«Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari haqida”gi 188-son qarori qabul qilingan. 

Ushbu qaror asosida tasdiqlangan Nizomda elektron davlat xizmatlarining tasnifi, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi, Yagona portal hamda davlat idoralari saytlariga qo‘yiladigan talablar belgilab berilgan.

2013 yildan boshlab faoliyat ko‘rsatib kelatyogan Yagona portal orqali ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlar soni bugun 280 turdan ortgan. Bugungi kunda ushbu elektron davlat xizmatlardan 730 mingdan ziyod marotaba foydalanilgan bo‘lib, foydalanuvchilarning 44 foizi (326 mingdan ziyod) aholiga va 56 foizi (412 mingdan ziyod) tadbirkorlarga to‘g‘ri kelmoqda. 

Qarorga ko‘ra, elektron davlat xizmatlari foydalanish uchun qulay, ariza beruvchilarning ehtiyojlari hamda manfaatlariga mos kelishi kerak. Shuningdek, davlat organlari ariza beruvchilarning elektron davlat xizmatlaridan kafolatlangan va xavfsiz foydalana olishlarini ta’minlashlari zarur.

Ariza beruvchi Yagona portal yoki davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali elektron shaklda so‘rov yuborganida arizani o‘zining yoki uning vakilining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlagan bo‘lishi kerak. O‘z navbatida, ariza beruvchi murojaatiga javobni olish shaklini tanlash huquqiga ega. Ariza beruvchi so‘rovda javobni elektron shaklda yuborish talabini ko‘rsatgan taqdirda, murojaatga yuborilgan javob davlat organi rahbari yoki boshqa vakolatli mansabdor shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanishi kerak. 

Elektron davlat xizmati ko‘rsatish tartibi va unga qo‘yiladigan talablar elektron davlat xizmatining reglamentida belgilanadi. 

Elektron hujjatlardagi ma’lumotlar qonuniy hisoblanadi. Davlat organlariga Yagona portalda shakllantirilgan elektron hujjatlarning nusxalarini qabul qilishni rad etishlari qat’iyan taqiqlangan. Davlat organlarining rahbarlari elektron xizmatlar ko‘rsatilishini asossiz rad etish va ularning sifatsiz taqdim etilishi uchun javobgar hisoblanadi.

Mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun elektron davlat xizmatlarining to‘liq ro‘yxatini o‘z ichiga olgan “Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestri” ochiq va umumfoydalanadigan axborot resursi, “Davlat axborot resurslari va davlat organlarining axborot tizimlari reyestri”, foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish yagona axborot tizimi, elektron hujjatlarni qayta ishlashni va saqlashni ta’minlovchi, shuningdek Yagona portalda shakllantirilgan elektron hujjatning haqiqiyligini tekshirish vositalarini taqdim etuvchi axborot resursi shakllantirilmoqda.

Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun so‘rovni ko‘rib chiqish va qayta ishlash, uni ko‘rsatish natijasini saqlash idoralararo va idoraviy axborot tizimlaridan, shu jumladan axborot resurslari va ma’lumotlar bazalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Ayni kunda mamlakatimizda davlat axborot resurslari soni 318 ta, axborot tizimlari soni 485 tani tashkil etmoqda. 

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, elektron xizmatlar ko‘rsatish tizimining takomillashuvi davlat xizmatlarini ko‘rsatishning oshkora va umumfoydalanadigan mexanizmlarini yaratish, ularni ko‘rsatish muddatlarini qisqartirish va ijro etish tartibini markazlashtirilgan holda nazorat qilish yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirishga, aholi, tadbirkorlik sub’ektlari va davlat organlarining xarajatlarining qisqarishiga xizmat qiladi.

Ikkitomonlama muzokara kayfiyatida o‘tgan matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan masala yuzasidan atroflicha javob oldilar.

PRESS-RELIZ

“Elektron hukumat targ‘ibotida kommunikatsiyalar ahamiyati” mavzuida seminar-trening

19 may kuni «Poytaxt» biznes markazida davlat idoralari mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Elektron hukumat targ‘ibotida kommunikatsiyalar ahamiyati” mavzuida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

O‘quv-seminari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida “elektron hukumat”ni rivojlantirish” hamda Osiyo Taraqqiyot Bankining “Samarali davlat boshqaruvi uchun “elektron hukumat” loyihalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad davlat organlari va jurnalistlarning O‘zbekistonda joriy etilayotgan “elektron hukumat” tizimini keng ko‘lamda, zamonaviy yondashuv hamda samarali usullardan foydalangan holda yoritish ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.

Mashg‘ulotlarda 28 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklarning Axborot xizmatlari mutaxassislari, shuningdek axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini muntazam yoritishga ixtisoslashgan bosma hamda elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldilar.

Seminar qatnashchilariga ekspertlar tomonidan elektron davlat xizmatlarini ommalashtirish va “elektron hukumat” qulayliklarini aholi orasida keng targ‘ib qilish doirasida maqsadli auditoriya bilan ishlash hamda jamoatchilik bilan aloqalar o‘rnatishning xalqaro amaliyotdagi ilg‘or tajribalari, usullari to‘g‘risida taqdimotlar qilindi.

Seminar-trening shartli ravishda 2 qismga bo‘linib, birinchi guruhda mutaxassislar Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi hamda Osiyo Taraqqiyot Bankining “elektron hukumat” tizimini rivojlantirish yuzasidan 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan kommunikatsiya strategiyasining loyihasini taqdim qildilar. Mazkur strategiyada “elektron hukumat” tizimini ommalashtirish, jamoatchilik bilan aloqa o‘rnatishning yetakchi mamlakatlar tatbiq qiladigan samarali yondashuvlar haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Mashg‘ulotlarning ikkinchi qismida jamoatchilik bilan aloqalar va jurnalistika sohasining yetakchi ekspertlari davlat organlari axborot xizmatlari mutaxassislariga “elektron hukumat” doirasida fuqarolar bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yishga oid amaliy tavsiyalar berishdi.

Seminar-trening ilmiy-amaliy tajriba almashish, ijodiy kayfiyat va ikki tomonlama muloqot, fikr-mulohaza almashish shaklida o‘tdi. Tadbir yakunida qatnashchilar “elektron hukumat” tizimini ommalashtirish yuzasidan oldilarida turgan vazifalar, istiqboldagi rejalar xususida shaxsiy xulosaga ega bo‘ldilar.

"Interaktiv davlat xizmatlari Yagona portali haqidagi eng yaxshi maqola" ko'rik-tanlovi g'oliblarini taqdirlash marosimi

"Interaktiv davlat xizmatlari Yagona portali haqidagi eng yaxshi maqola" ko'rik-tanlovi haqida oldingi maqolalarimizda xabar bergan edik. Mazkur tanlov o'z nihoyasiga etdi.

12 fevral kuni UZINFOCOM Markazining majlislar zalida Interaktiv davlat xizmatlari Yagona portali faoliyatiga bag'ishlangan maqolalar g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Eng qiziqarli va dolzarb maqolalar hay'at a'zolari tomonidan saralab olindi. UZINFOCOM hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Kompyuterlashtirish markazi xodimlaridan iborat hay'at a'zolari tomonidan tanlovga yuborilgan materiallar qator mezonlar asosida ko'rib chiqildi.

Tanlovda 20 kishi ishtirok etgan bo'lsada, mualliflik maqolalari soni mazkur ko'rsatkichdan oshib ketdi. Birgina Sergey Savchuk –Kurbanov uchta maqolani taqdim etgan bo'lsa, Araksi Manucharova o'nta radioeshittirishni tinglovchilar hukmiga havola qildi. Mazkur eshittirishlarni uTube.uz videoportali orqali tinglash imkoniga egasiz. Mualliflar ro'yxati hamda tanlov materiallari bilan saytimizning 2013 yil 11 dekabr sanasidagi sahifada tanishishingiz mumkin.

Tanlovga kelib tushgan materiallar UZINFOCOM va Qoraqalpog'iston Respublikasi kompyuterlashtirish Markazi xodimlaridan iborat maxsus hay'at a'zolari guruhi tomonidan belgilangan qator mezonlar asosida ko'rib chiqildi. Baholar yagona jadval holiga keltirildi va quyidagi ishtirokchilar g'olib deb topildi:

1 o'rin- sovg'a noutbuk, Gulya Rahimova - Взгляд со стороны: Электронное правительство Узбекистана nomli maqolasi uchun

2 o'rin- sovg'a planshet, Muzaffar Qosimov - Interaktiv davlat xizmatlari – Zamonaviy, qulay, ishonchli nomli maqolasi uchun

3 o'rin- sovg'a fotoapparat, Zokir Abdullaev - Перспективы услуг для бизнеса на Едином портале государственных услуг Узбекистана nomli maqolasi uchun

Ushbu tanlov Interaktiv davlat xizmatlari Yagona portalini barcha fuqarolar uchun eng foydali va qulay xizmat turlaridan biriga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi va davomli tanlovlardan biriga aylanadi. Bugungi kunda OAVda ham ushbu xizmat turi bo'yicha qator ko'rsatuvlar efirga uzatildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech